Grace and Truth

This website is under construction !

Search in "Uzbek":
Home -- Uzbek -- 09. Comparisons -- 3.02 The Opening of the Prayers that Concern the Kingdom of Heaven

Previous part -- Next part

09. MASIHIYLIK VA ISLOM DININING SOLISHTIRILISHI
Solishtirilishi 3 - Adashganlarning ibodati

3.02 - Ibodatning ochilishi



3.02.1 - Alloh nomi bilan

Bismillahir rahmoni rahim. Fotiha surasi ana shunday boshlanadi. 114 ta suraning faqat bittasida boshlanishi boshqacha, qolganlarining hammasi Bismillahir rahmonir rahim deb boshlanadi. So‘zma‑so‘z tarjimasi: Rahmdil va mehr−shafqatli Allohning nomi bilan.

Ba’zi musulmon olimlarining aytishlaricha, aslida Fotiha surasining boshlanishi boshqacha bo‘lgan. Boshqa suralarda ham bu so‘zlar bo‘lmagan, ammo Qo‘’ron yozilganda, bu so‘zlar keyinroq qo‘shilgan. Bugun musulmonlar buni Fotihaning muhim qismi deb hisoblanadi. Bismillah deganda bu Allohga murojaat qilishi emas. Bu so‘zlar o‘zoq Xudoning nomidan gapiradigan elchining so‘zlarini bildiradi; biroq bu so‘zlar sehrgarning avraydigan so‘zlariga ham o‘xshaydi.

Bu kirish so‘zlar bilan musulmon xayolida Allohning qudratiga va ta’siriga yaqinlashadi, ammo haqiqatda bu so‘zlar orqali shaxsiy munosabat qurmaydi.

Musulmon odamning xohishi bu Qur’onning ruhida duo qilish. U Islom marosimalarini bajo etishga harakat qiladi. U Shariat bo‘yicha yurishga harakat qiladi.

Fotiha surasining 5‑oyatigacha biz Allohga to‘g‘ridan‑to‘g‘ri murojaat qilinganini ko‘rmaymiz, faqatgina 5‑oyatdan to‘g‘ridan‑to‘g‘ri murojaatni ko‘rishimiz mumkin.

Musulmon asosiy ibodatini “Sen mening Xudoim” yoki “Bizning mehr−shafqatli Xudoimiz” deb boshlashga jur’at etmaydi. Chunki uning rasmiy ibodati bu Xudo bilan shaxsiy munosabat yoki suxbat emas; bu erda u iltijo qilmaydi, shafoat qilmaydi, shukronalar keltirmaydi va sajda qilmaydi. Bismillah deganda, bu ko‘proq ojiz va qo‘rqadigan odamning o‘zidan yuqorida turadigan xukmronga yaqinlashishga harakat qilishi bo‘ladi. Boshini egib, xurmatda va kamtarlikda egasining oldida turib, Alloh uning past gaplarini eshitadi degan niyatda turadi.


3.02.2 - Alloh

Alloh so‘zi musulmonlarning ibodatiga o‘ziga xos ma’no beradi. Bu so‘z arab tilida Xudoni anglatadi. Bu so‘zning o‘zagi “Ol” bo‘lib, somiy (qadimgi ibroniy) tilidagi Elohim so‘ziga o‘xshaydi va "yagona kuch‑qudrat Egasi, "qodir Tangri ma’nolarini beradi. Iso oliy ruhoniy oldida turganda, shunday degan: “Bundan buyon sizlar Inson O‘g‘lini Qodir Xudoning o‘ng tomonida o‘tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko‘rasizlar” (Matto 26:64).

Ibroniycha Elohim va arabcha Alloh so‘zlarining farqi, Elohim so‘zidagi –im qo‘shimchasida. Elohim so‘zi ko‘pchilik va Uchbirlikni bildirsa, Alloh so‘zi faqat bittalikni bildiradi. Ya’ni, Alloh degani Uchbirlikni bildirmaydi. Shuningdek, arab tilidagi Xudo so‘zi Muqaddas Uchbirlikka aniq qarama‑qarshi. Ko‘p shaharlar va qishloqlarning masjidlarida radiokarnay orqali baland tovushda “Allohdan boshqa xudo yo‘q. Muhammad uning elchisi” (“La ilaha illalah Muhammadur Rasulullah”) deb e’tirof etiladi va bu bilan islom e’tiqodiga chuqur e’tibor qaratiladi. Bu so‘zlarni aytish bilan o‘zga xudolarning yo‘qligi ikki marta inkor qilinadi va bu bilan Allohning noyobligi ko‘rsatiladi.

Musulmon bo‘lmagan odam, Allohu akbar degan so‘zlarni eshitib, bu so‘zlar ustidan fikr yuritsa, Allohning mutlaq hukmronligini tushunishni boshlaydi. Bu so‘zlarning ma’nosi “Alloh buyukroqdir” bo‘lib, har kun masjidlarda radiokarnay orqali 40 marta e’lon qilinadi. Musulmonlar “jihad”, ya’ni “muqaddas jang” qilganlarida bu so‘zlarni aytadilar. Bugungi kunlarda ham sunna, ham shia musulmonlari ko‘chalarda norozilik namoyishlarini o‘tkazganlarida, Allohu akbar, deb baqiradilar. Ammo e’tibor berib qarasak, bu so‘zlarning ma’nosi, Alloh buyukdir degani emas, chunki agar bunday aytadigan bo‘lsak, unda boshqa buyuk shaxs bordek bo‘lib qoladi, bu esa aqlga sig‘maydigan narsa; buning ma’nosi Alloh eng buyuk degani ham emas, chunki bunday deydigan bo‘lsak, go‘yo Allohdan pastroq kimdir bor, degan ma’no kelib chiqishi mumkin. Bu kontseptsiyani tushunish juda muhim: Alloh hamma narsadan buyukroqdir – birovning falokatidan, hamma siyosiy voqealardan, odam yaratgan quroldan ham kuchliroq. Alloh kommunizm va’dalaridan va kapitalizmning vasvasaga soluvchi afzalliklaridan buyukroqdir. Odamning Alloh haqidagi tasavvurlaridan ham Alloh yuqoriroq turadi. U boshqalarga o‘xshamaydi, u erishib bo‘lmaydigan, uzoq, ko‘rinmaydigan, buyuk va hamma narsaga qodir xudodir. Hech kim uni tushuna olmaydi. U haqidagi hech bir fikr etarli emas yoki yolg‘on bo‘ladi. Alloh odamlarning ongidan tashqarida, odamlar uni anglay olmaydilar. U hamma narsani nazorat qiladi va hamma narsaga qodir. U o‘zgarmaydi va hokimiyati tengsiz, hukmronligi mutlaq. Hech kim unga teng bo‘lolmaydi. U yuksak, idrokka sig‘maydigan, uzoq va o‘zi yaratgan odamlar bilan shaxsiy munosabat qilmaydigan xudodir. Siz hech qachon uni tushunmaysiz, siz faqat uning bandasi bo‘lib, unga sajda qilishingiz kerak.


3.02.3 - Rahmdil, mehr-shafqatli

Rahmonir rahim deganda, bu ikkita so‘z Allohning tabiatini rahmdilligini bildiradi. Muhammad Alloh rahmdillik xudosi degan tushunchani hozirgi Yemenliklar gapiradigan tilidan olgan, chunki bu so‘z eshitishga chiroyli bo‘lib, Allohning rahmdiligini anglatadi. Makkaliklarga bu so‘z tanish bo‘lmagan va izohni talab qilgan. Shuning uchun “rahmdil” so‘ziga “mehr−shafqatli” so‘z qo‘shildi. Bu so‘z Allohning “hamma narsani qamrovchi” shafqatli ismini bildirgan.

Agar Allohning rahmdilligini Qur’ondan izlaydigan bo‘lsak, biz uning yaratguvchi va qoinotni nazorat qiluvchi Zot sifatida ko‘rishmiz mumkin. Allohning rahmdilligi uning yaratguvchi va koinotni nazorat qiluvchi Zot ekanligini anglatadi. Ko‘p masihiylar imon aqidalarini e’tirof etadilar. Qur’onda ham ana shu aqidalarga o‘xshagan aqidalar bor, bular: Xudo koinotni yaratuvchisi, parvardigori olam, himoya qiluvchi, omad beruvchi, sog‘liq beruvchi, boylik beruvchi, o‘g‘illar beruvchi va bu dunyoda ham, narigi dunyoda hayotda obro‘ beruvchi xudodir. Bular musulmon odam uchun Allohning mehr‑shafqatidir. Biroq ikkinchi tomondan kambag‘al, ojiz, jirkanch, o‘g‘ilsiz odamlar Allohning g‘azabi ostida yuradiganlar deb hisoblanadi.

Qur’onda 160 marta ko‘rsatilgan Allohning ikkita do‘stona ismi musulmonlarga bu hayotda va keyingi hayotda farovonlik olib keladi deb hisoblanadi. Ammo Allohning bu rahmdilligi odamga nisbatdan shaxsiy munosabat yoki odamzod bilan ahd tuzganligini anglatmaydi, chunki “Alloh hoxlaganini adashtiradi, hoxlaganiga yo‘l ko‘rsatadi” (Sura Ibrohim 14:4). Alloh o‘zining yaratgan ijodlardan ustunroqdir. U uzoq va notanish xudodir. Hatto “Alloh ruhdir” deb aytish islomda ruxsat berilmaydi, chunki hech kim uning qandayligini bilmaydi.

Allohning 99 ta go‘zal ismni va bu orqali uning tabiatini bilishga bo‘lgan harakatlar umidsizlikka keltiradi, chunki bu ismning 27 tasi Qur’onda uchramaydi. Ular keyinroq olimlar orqali yozilgan edi. Ba’zi Xudoning ismlari Muqaddas Kitobdan olinganda ham, asosiy ma’nosi noto‘g‘ri talqin qilindi. Al-G‘azali, katta bir islom dinshinosning so‘zlarini eslash arziydi. U Allohning ismlarini va tabiat sifatlarini solishtirib, shunday degan: “Allohning har bir ismi bir-biri bilan qarshi chiqadi. Alloh bir tomondan hamma narsa, boshqa tomondan u hech narsa. Hech kim uning tabiatini tanib olmaydi va yaqinlashmaydi. U notanish va hukmronli Xudo qolaveradi.”


3.02.4 - Bizning Otamiz

Iso shogirdlariga o‘rgatgan ibodatda Qodir Xudoga yoki Yaratguvchiga, O‘ziga yoki abadiy Hukmronga murojaat qilinmagan, Iso, Elohim yoki Yahve deb ibodat qilinglar, demagan, ammo shogirdlariga Xudoni Ota deb chaqirish imtiyozini bergan.

Ota so‘zi Xudo bilan bizning oramizda yangi munosabat o‘rnatadi. Bu qanday ruhiy tubdan o‘zgarish ekan? Qaysi oddiy odam va qachon abadiy Xudoni “Ota” deb chaqirgan? Xudoga “Ey, Yaratguvchi” yoki “Buyuk Xudovand” deb murojaat qilishini bilamiz. Lekin Iso O‘z shogirdlarini yangi darajaga ko‘tarmoqchi bo‘lgan. U buyuk, uzoq va notanish Xudo bilan tanishtirmagan. Chunki bunday Xudoga hech kim umid qilmaydi, lekin hamma Xudodan qo‘rqishi va Unga sajda qilishi lozim. Iso O‘z shogirdlariga sevadigan, yaqin Xudoni, Iso orqali O‘zini oddiy gunohkorlar bilan bog‘langan Otani ko‘rsatdi.

Xudo odamzodga Otaligicha qolishni davom etibgina qolmay, balki odamlarga O‘zi murojaat qilyapti. Otaligi orqali U O‘zining sevgisini abadiy ko‘rsatadi.

Xudo Ota - bu Yangi Ahdning markazi. Bu Masihning tubdan o‘zgartiradigan fikri bo‘lib, yaxudiylarga va musulmonlarga yagona Xudo haqida javobi bo‘ladi. Iso shogirdlariga Xudoni Ota sifatida ko‘rsatdi. Ibodatlarida Iso Xudoga “Ota” deb murojaat qilgan. Injilda Iso Xudoni 185 marta Ota deb ataydi. Injilda Iso o‘zini kimligini 99 marta Xudo deb yashirgan. Hatto jinlar ham Xudo Otaligini tushunmagan. Ammo eng yaqin shogirdlariga Iso Xudoning tabiatini va U bilan bir bo‘lganini namoyon qildi. O‘g‘il hamisha Otani ulug‘lab degan: “Bizning Otamiz ...Meni ko‘rgan odam Otani ko‘rgan bo‘ladi... Men Otamda va Otam Menda... Men va Otam birmizBizning Otamiz” (Yuhanno 14:9-11; 10:30). Iso Xudoni Ota va O‘zini Xudoning O‘g‘li deb atagani uchun o‘limga mahkum qilindi (Matto 26:63-66); xochda jon berayotganda Uning birinchi va oxirgi so‘zlar Ota edi (Luqo 23:34,46).

Hech kim Ota va O‘g‘il orasidagi munosabat sirini o‘z‑o‘zidan tushunib qolmaydi. Yaxudiylar va musulmonlar ham Xudo yagona deb ishonadi. Ular ikkita yoki uchta xudo degan gapga dosh bermaydilar va qabul qilmaydilar. Bu ularning quloqlariga kufr bo‘lib eshitiladi. Shu sababdan musulmonlar masihiylarni Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruhga ishongani uchun ulardan nafratlanadi. Uchbirlik ular uchun sir va tahdid bo‘lib qolaveradi. Ularning ko‘zlari ko‘r va yuraklari qattiq bo‘ladi.

Ushbu ajoyib ochiqlik orqali Iso shogirdlariga Xudoga Ota deb murojaat qilishga va Unga bolalardek ishonishga ruhlantirdi; chunki Xudoning O‘zi ularni noloyiq va nopokligiga qaramay qabul qildi (Galatiyaliklarga 4:5). Iso shogirdlarini oqladi va pokladi, toki ular ham Xudoning loyiq o‘g‘illari va qizlari bo‘lsin. Ular endi mexmonlar va begonalar emas, ular osmondagi Otaning oila a’zolari (Efesliklarga 2:19; 1 Yuhanno 3:1-3).

U va’da berib ularga Muqaddas Ruhini yubordi, toki ular boshqatdan tug‘ilib, ilohiy kuch‑quvvatda va muqaddaslikda Xudoning farzandlari bo‘lib yashasin (Rimliklar 8:14,15; Galatiyaliklar 4:6). Biz Xudoning inoyati orqali Uning farzandlari bo‘ldik va U yuragimizga O‘z Ruhini yubordi. U orqali biz Xudoni: “Ota, Otajon!” deb chaqira olamiz va Uning farzandlari hisoblanamiz.

Eski Ahdda Xudovand Ishayo payg‘ambar orqali shunday dedi: “...Men seni qutqardim, sening ismingni aytib chaqirdim. Sen Menikisan, qo‘rqma!” (Ishayo 43:1). Biz Yuhannonning maktubida bu va’daga javobni o‘qishimiz mumkin:

“Qaranglar, Otamiz Xudo bizni farzandlarim deb, qanday buyuk bir sevgini ko‘rsatdi! Haqiqatan ham, biz Uning farzandlarimiz. Dunyo Otamizni hech qachon tan olmagan, shuning uchun bizni ham Xudoning farzandlari, deb tan olmayapti. Ha, azizlarim, hozir biz Xudoning farzandlarimiz. Ammo kelajakda kim bo‘lishimiz bizga hanuz ochilmagan. Faqat shuni bilamizki, o‘sha payt kelganda, biz Xudo singari bo‘lamiz, chunki Xudoning O‘zini ko‘ramiz.” Xudoga bunday umid bog‘lagan har bir odam Iso Masih singari pok bo‘lishi uchun o‘zini poklaydi (1 Yuhanno 3:1-3).

Rabbimizning ibodati bizni Xudoga uchinchi shaxsda murojaat qilib sajda qilishni o‘rgatmaydi, ammo Xudoga to‘g‘ri‑to‘g‘ridan Ota deb murojaat qilishni o‘rgatadi. Masihiylar Xudo bilan shaxsiy munosabat qiladi, chunki Xudo eshitadi, biladi va g‘amxo‘rlik qiladi. Masihiy haqiqiy va doimiy himoyada yashaydi. Biz boyligimiz, bilimimiz, obro‘imiz yoki harakatimiz orqali Xudoni Ota deb chaqirmaymiz; faqatgina Iso Masihga bo‘lgan imonimiz orqali bizga ushbu imtiyoz berilgan. Isoga ishongan har bir inson Otaga Iso nomida ibodat qiladi va Xudoning ozod farzandi bo‘lishini hayotida his qiladi. Har bir masihiy hamisha Osmondagi Otaga murojaat qilishi mumkin. Ota hamisha eshitadi va Ota band bo‘ladigan yoki eshitmaydigan biron vaqt bo‘lmaydi. U doimo yaqin, eshitadi va O‘z farzandlarining ibodatlariga javob beradi. Siz bu yo‘lni bilasizmi? Xudoning Zaburdagi so‘zlariga e’tibor bering: ”Og‘ir kunda Menga iltijo qilgin. Senga najot beraman, sen esa Menga maqtov aytasan” (50:15).

3.02.5 - Osmondagi

Masihiylarning Xudoga “Bizning Otamiz” deb murojaat qilishi ularning Xudoga nisbatan xurmatsizlik, mag‘rurlik yoki talabchanlik qilishlarini anglatmaydi, zero ular osmondagi Otani yaqindan biladilar. Bu erda munosabat juda shaxsiy bo‘lsa ham, barbir bir “muqaddas masofa” bor. Masihiylar haqiqatdan ham Xudoning farzandlari, lekin ular hali kim bo‘lishi ochilmagan. Muqaddas Ruh masihiylarni beadablikdan va manmanlikdan asraydi.

Xudo Osmonda yashaydi va bu bir ruhiy dunyo, uni haritada topib bo‘lmaydi. Isoning Ota Menda, Men esa Otamda, degan so‘zlari samoning Iso Masihda namoyon bo‘lishini anglatadi. Boshqa tomondan Iso hamisha osmonda Ota bilan birga bo‘lgan (Yuhanno 3:13). Xochda O‘g‘il Muqaddas Uchbirligidan ajraldi. Xochda U Xudo bilan gunohkorlarni yarashtirdi. U erda U do‘zax azobini his qildi, u erda Iso aslida biz olishimiz kerak bo‘lgan jazoni O‘z bo‘yiga oldi. Endi biz Otaga Isoning nomidan murojaat qilishimiz mumkin. Qachonki Ota va O‘g‘ilning Ruhi bizning ichimizda bo‘lsa, Osmon Shohligi ko‘rina boshlaydi. Lekin buni jismoniy farovonlik bilan bog‘lash kerak emas. Ichimizdagi Osmon Shohligi Xudoning himoyasida bo‘lish sharafini beradi va bu sharaf hammaga berilgan: qamoqdagilarga ham, bechoralarga ham. Taraqqiy etgan shaharda yashovchi odamlar ham, Afrikaning eng uzoq qishloqlaridagi odamlar ham Osmon Shohligiga ega bo‘lishlari mumkin. Har bir odam Isoning so‘zlariga ishonsa va Xudoni “Ota” deb chaqirsa, yangi ijod bo‘ladi. Rabbimizning ibodati qo‘rquv emas, sevgini o‘rgatadi, yolg‘izlikni emas, himoyani o‘rgatadi, g‘am‑qayg‘uni emas, doimiy shukronalar aytishni o‘rgatadi.

Ba’zi tanqidchilar shunday deydi: “Islom dinida Alloh mehribon va rahm‑shafqatli deb aytadi. Masihiylar buni “Shaxsiy sevgi” deyishadi. Mehr va sevgi bir‑biriga o‘xshaydi. Shuning uchun ikkovi bitta Xudoga olib boradi!”. Tanqidchilarning bu fikriga javoban shunday deymiz, sizlar avvalo sevgi va rahm‑shafqat aslida nima ekanligini yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Agar kuyov kelinga mehr−shafqat yuzasidan: “Men rahm qilib senga uylanaman”, desa, kelin nima javob beradi? Agar u “Menga bunday munosabat kerak emas”, deb aloqasini uzmasa, to‘ydan keyingi hayoti qanchalar azobli bo‘lishini tasavvur ham qilolmaydi. Ammo agar kuyov “Men seni sevaman” deb aytsa, hayot o‘zgacha bo‘ladi. Bu erda kuyov kelinni o‘zi bilan teng qo‘yadi. Muqaddas Kitobdagi Xudoning munosabati va Qur’ondagi Allohning munosabati o‘rtasidagi farq aynan mana shunda. Alloh qanday dilbar va mehrli bo‘lib ko‘rinmasa, barbir u faqat ulug‘, uzoq va buyuk xudo bo‘lib qolaveradi. Juda deganda u odamlarni bechora va ayanchli qurtdek ko‘rib, qo‘lini o‘zatishi mumkin.

Masihda esa Xudo bizning Otamiz bo‘lib, odam qiyofasida erga tushgan Xudodir. U bizdek bo‘ldi. U hatto bundan ham pastroq bo‘ldi, chunki xochda bizning o‘rnimizni oldi. Kimdir biron arzimaydigan inson uchun hayotini bersa, bu haqiqiy sevgi bo‘ladi. Rabbimiz Iso Masihning Otasi odamlarga nisbatan mehr−shafqatli Xudo bo‘libgina qolmay, balki o‘zini oqlay olmaydigan odamzodni azaldonoq gunohdan halos qilishga qaror qilgan va ularga sabr‑toqat qiladigan Xudodir.

Fotiha surasidagi va Rabbimizning ibodatidagi birinchi so‘zlar ibodatlarning mundarajasini va ruhiy holatini bildiradi. Islomdagi ibodatda har bir fikr Allohga qaratilgan, chunki islomda Xudo markazga qo‘yilgan va Alloh nomi atrofida hayotdagi hamma sohalar aylanadi. Ammo Masihning ibodatida bizning hayotdagi iltimoslarimiz Ota Xudoga qaratilgan. Shuning uchun shunday xulosa qilish mumkin: fotiha surasi Allohni faqat ulug‘laydi va yoritadi. Masihning ibodatida esa Rabbimiz osmondagi Otani ulug‘laydi. Agar sizlar bu ikkita ismni va ularning farqini tushungan bo‘lsangiz, demak siz islom va masihiylik tabiatini tushundingiz. Islomda Allohning buyukligi tushuntiriladi. Masihiylikda esa Xudoning Ota tabiati oshkor qilingan.

www.Grace-and-Truth.net

Page last modified on March 19, 2014, at 10:09 AM | powered by PmWiki (pmwiki-2.2.109)